Transport vazirligi Toshkentda yo‘l haqi nega oshirilishi mumkinligini izohladi

Transport vazirligi Toshkentda jamoat transporti yo‘l haqi nega oshirilishi mumkinligini tushuntirdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, amaldagi tarif yo‘lovchi tashish xarajatlarining faqat bir qismini qoplaydi, qolgan qismi esa davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Avvalroq Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga ko‘ra, 1-oktabrdan elektron to‘lov orqali yo‘l haqi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishi mumkin. Poytaxt jamoat transportidan har kuni qariyb 2,5 million yo‘lovchi foydalanadi. Shahar kengayib borayotgani va qatnovlar soni ortayotgani sababli transport tizimiga tushayotgan yuklama ham oshmoqda.
So‘nggi yillarda Toshkent metrosi kengaytirildi, metro va avtobus yo‘nalishlari o‘rtasidagi bog‘liqlik yaxshilandi, transport infratuzilmasi yangilandi. Harakat tarkibi deyarli ikki baravar ko‘paydi, avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashdi. Ularning qatnov oralig‘i o‘rtacha 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqardi. Bundan tashqari, yangi turar joy massivlari va poytaxt atrofidagi hududlarga ham yangi yo‘nalishlar ochilmoqda.
Transport xarajatlari faqat avtobus va poyezdlarni xarid qilish bilan cheklanmaydi. Mablag‘lar haydovchilar, mashinistlar va texnik xodimlar ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, transportni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, depo hamda quvvatlash stansiyalarini saqlash, salonlarni tozalash, shuningdek dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlari faoliyatini ta’minlash uchun ham sarflanadi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, tariflarni oshirish masalasi transport xizmatlari sifati bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi kerak. Bunga qatnovlar muntazamligi, belgilangan intervalga rioya qilinishi, transport vositalarining texnik holati, salonlar tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi va yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish kiradi.
Aholiga loyiha bilan tanishib chiqish hamda normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida o‘z taklif va mulohazalarini qoldirish tavsiya etildi. Tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yakuniy qaror jamoatchilik muhokamasi yakunlangach qabul qilinadi.
Telegramga obuna bo'ling
So'nggi yangiliklar bilan tanishing
Tavsiya etamiz

Qirg‘izistondagi zilzila O‘zbekistonning ikki viloyatida sezildi

Malika Diananing mashhur “qasos ko‘ylagi” auksionga qo‘yiladi

Raqobat qo‘mitasi aviakompaniyalar faoliyatini o‘rganishni boshladi

Qo‘qon va Chortoqda Umra bilan bog‘liq qonunbuzarlik aniqlandi
