Malika Diananing mashhur “qasos ko‘ylagi” auksionga qo‘yiladi

Malika Diana 1994-yilda Londondagi tadbirga kiyib borgan va keyinchalik “qasos ko‘ylagi” nomi bilan mashhur bo‘lgan qora libos auksionga qo‘yiladi. Sotheby’s auksion uyi ko‘ylak 300 ming dollargacha sotilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Qora ipakdan tikilgan libos dizayner Kristina Stambolian tomonidan yaratilgan. Diana ushbu ko‘ylakni shahzoda Charlz o‘z nikohidagi xiyonatini tan olgan teleintervyu efirga uzatilgan kunning o‘zida Londondagi Serpentine galereyasida bo‘lib o‘tgan xayriya tadbiriga kiyib borgan.
Malikaning ushbu obrazdagi chiqishi ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. O‘shandan buyon libos “qasos ko‘ylagi” (Revenge Dress) nomi bilan moda tarixidagi eng mashhur kiyimlardan biri sifatida tilga olinadi.
Sotheby’s ma’lumotiga ko‘ra, ko‘ylak 1997-yildan buyon ilk bor auksionga qo‘yilmoqda. O‘sha yili Diana o‘z garderobidagi 79 ta libosni xayriya maqsadlari uchun sotgandi.
Auksion uyi vakili Morgan Halimining aytishicha, Diana moda orqali o‘z fikrini ifoda etishni yaxshi bilgan va ushbu ko‘ylak uning hayotidagi eng murakkab davrlardan birida kuchli ramzga aylangan. O‘sha paytdagi stilist Anna Xarvining so‘zlariga ko‘ra, malika tadbir oldidan oxirgi daqiqada qarorini o‘zgartirib, aynan ushbu ko‘ylakni tanlagan. U obrazini qora tufli, qora klatch va qirollik zargarlik buyumlari bilan to‘ldirgan.

Auksion 9-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Mutaxassislar ko‘ylak malika Dianaga tegishli eng qimmat sotilgan moda buyumlaridan biriga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Telegramga obuna bo'ling
So'nggi yangiliklar bilan tanishing
Tavsiya etamiz

Qirg‘izistondagi zilzila O‘zbekistonning ikki viloyatida sezildi

Raqobat qo‘mitasi aviakompaniyalar faoliyatini o‘rganishni boshladi

Qo‘qon va Chortoqda Umra bilan bog‘liq qonunbuzarlik aniqlandi

Shavkat Mirziyoyev Armaniston bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi
