Yangiliklar/Jamiyat

O‘zbekistonda shovqin uchun jarimalar bir necha baravar oshiriladi

Jamiyat 11 sentyabr, 14:05
O‘zbekistonda shovqin uchun jarimalar bir necha baravar oshiriladi

O‘zbekistonda 11-dekabrdan maishiy shovqinga qarshi talablarni buzganlik uchun jarimalar sezilarli darajada oshiriladi. Bu prezident tomonidan 9-sentabr kuni imzolangan “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Qonunga ko‘ra, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va bayram kunlarida esa 22:00 dan 09:00 gacha ruxsat etilgan me’yordan ortiq shovqin qilish taqiqlanadi. Cheklovlar turar joylardagi maishiy faoliyat, qurilish ishlari, texnika va transport vositalaridan chiqadigan shovqinga tatbiq etiladi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, maishiy shovqinga qarshi talablarni buzgan fuqarolar uchun jarima miqdori 3-5 BHM etib belgilanadi. Hozirda bu qoidabuzarlik uchun atigi 1/3 BHM miqdorida jarima qo‘llanadi.

Mansabdor shaxslar esa 10-15 BHM miqdorida jarimaga tortiladi. Takroriy qoidabuzarlik sodir etilganda fuqarolar uchun jarima 5-7 BHM, mansabdor shaxslar uchun esa 15-20 BHMgacha oshiriladi.

Shuningdek, me’yordan ortiq shovqin chiqaradigan transport vositalarini boshqarganlik uchun javobgarlik ham kuchaytirilmoqda. Amaldagi tartibda ogohlantirish yoki 0,5 BHM miqdorida jarima qo‘llansa, yangi qonunga ko‘ra ogohlantirish bekor qilinadi va 1 BHM miqdorida jarima belgilanadi.

Qonun ijrosi ustidan nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan. Bundan tashqari, shovqin oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolar sud orqali yetkazilgan zararni undirish huquqiga ega bo‘ladi.

4830

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing