IIV sayyohlar xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha yangi xizmatlarni taklif qildi

11 sentyabr, 13:25
IIV sayyohlar xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha yangi xizmatlarni taklif qildi

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti xorijiy sayyohlar, rasmiy delegatsiyalar, biznes vakillari va mamlakat mehmonlari uchun tansoqchi xizmatini joriy etishni taklif qildi.

Mazkur tashabbus Qo‘riqlash departamenti rahbariyati va Turizm qo‘mitasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Tomonlar mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ular uchun yanada qulay va xavfsiz turistik muhit yaratish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, turizm oqimining ortishi, xorijiy mehmonlar sonining ko‘payishi va yangi turistik yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi xavfsizlikka oid zamonaviy yondashuvlarni talab qilmoqda. Shu munosabat bilan Qo‘riqlash departamenti bir qator yangi xizmatlarni taklif etdi. Xususan, xorijiy sayyohlar, rasmiy delegatsiyalar, investorlar va biznes vakillarining shaxsiy xavfsizligini ta’minlash uchun tansoqchilar xizmatidan foydalanish masalasi muhokama qilindi.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, bunday xizmat sayohat davomida xavfsizlikni ta’minlash, yo‘nalish bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan baholash va favqulodda vaziyatlarda tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi.

Bundan tashqari, turistik obyektlarda videokuzatuv tizimlari, texnik qo‘riqlash vositalari va tezkor harakatlanuvchi guruhlardan kengroq foydalanish taklif etildi. Turistik yo‘nalishlar bo‘yicha xavflarni tahlil qilish, infratuzilma holatini o‘rganish, zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha qo‘riqlash choralarini ko‘rish hamda tezkor aloqa va javob berish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

2740

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing