Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi

10 sentyabr, 14:38
Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) boshqaruvchisi etib tayinlandi. Bu haqdagi farmonni prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Saida Mirziyoyeva yangi lavozimni hozirgi vazifasi bilan birgalikda bajaradi. TXMM boshqaruvchisi sifatida u markaz kengashi ishini tashkil etish, uning yig‘ilishlarini tayyorlash va yangi tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yishni muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, uning vazifalariga davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, investorlar va markazning boshqa hamkorlari bilan hamkorlik qilish kiradi. U TXMM ma’muriyati ijrochi direktori va uning o‘rinbosarlarini tayinlash jarayonida ishtirok etadi, shuningdek moliyaviy xizmatlar boshqarmasidagi rahbarlik lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritadi.

Prezident Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni iyul oyida imzolagan edi. TXMM ishtirokchilari uchun alohida huquqiy va valyuta rejimlari, o‘z moliyaviy regulyatori, mustaqil tijorat sudi hamda 2076-yilgacha amal qiladigan soliq imtiyozlari nazarda tutilgan.

6130

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing