Yangiliklar/Jamiyat

Ota-onalarning 73,5 foizi Toshkent shahrida maktab avtobuslarini ishga tushirishni qoʻllab-quvvatladi

Jamiyat 9 sentyabr, 12:05
Ota-onalarning 73,5 foizi Toshkent shahrida maktab avtobuslarini ishga tushirishni qoʻllab-quvvatladi

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTM) birinchi bosqichda o‘quvchilarning maktablarga qanday qatnashini o‘rganmoqda hamda maxsus maktab avtobuslari yo‘nalishlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash uchun ma’lumotlar to‘plamoqda.

Hozirga qadar poytaxtdagi 328 ta maktabdan 29 tasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Tadqiqot uchun o‘quvchilari soni eng ko‘p bo‘lgan maktablar tanlab olindi. So‘rovnomada 58 369 nafar o‘quvchining ota-onalari va vasiylari ishtirok etdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra:

  • 38,5% o‘quvchilar maktabga piyoda boradi;
  • 33,1% shaxsiy avtomobilda qatnaydi;
  • 18,3% avtobusdan foydalanadi;
  • 5,7% taksida boradi;
  • 3,5% metrodan foydalanadi;
  • 0,9% individual harakatlanish vositalaridan foydalanadi.

Shu bilan birga, so‘rovnoma ishtirokchilarining 73,5 foizi maktab avtobuslari qatnovini yo‘lga qo‘yish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.

So‘rovnoma shahardagi boshqa maktablarda ham davom ettiriladi. Yakuniy natijalardan so‘ng mutaxassislar o‘quvchilarning harakatlanish yo‘nalishlari, potensial yo‘lovchilar soni, avtobuslarga bo‘lgan ehtiyoj, qatnov jadvali, shuningdek, bolalarni tushirish va olib chiqish joylarini tahlil qiladi. Tadqiqot yakunlari asosida Toshkentda School Bus tizimini bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

1,0520

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing