Bahodir Jalolov 18-g‘alabasini nokaut bilan qo‘lga kiritdi

Sport 10 may, 12:36
Bahodir Jalolov 18-g‘alabasini nokaut bilan qo‘lga kiritdi

Buyuk Britaniyaning Manchester shahridagi Co-op Live arenasida o‘tkazilgan professional boks oqshomi O‘zbekiston sportchilari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Asosiy jangda superog‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov xorvatiyalik Agron Smakichi bilan ringga chiqdi. 10 raundga mo‘ljallangan bahs boshidan oxirigacha o‘zbekistonlik bokschining ustunligi ostida o‘tdi. Jalolov raqibiga imkon qoldirmay, jangni to‘liq nazorat qildi.

Hal qiluvchi lahza 8-raund oldidan yuz berdi — Smakichi burchagi jangni davom ettirishdan voz kechdi. Hakam texnik nokautni qayd etdi. Shu tariqa, Jalolov professional faoliyatidagi 18-jangida 18-g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Vatandoshining muvaffaqiyatini havaskorlar o‘rtasidagi amaldagi jahon chempioni Javohir Ummataliev ham mustahkamladi. U professional ringdagi ikkinchi jangini o‘tkazdi. Polshalik Damian Drabik bilan kechgan bahs uzoqqa cho‘zilmadi — Ummataliev ikkinchi raunddayoq raqibini og‘ir nokautga uchratdi.

Shu tariqa, Manchesterdagi turnirda O‘zbekiston vakillari raqiblariga umuman imkon qoldirmay, muddatidan oldin g‘alaba qozonishdi. Jalolovning mukammal statistikasi esa uni superog‘ir vazn toifasidagi yetakchi bokschilar qatoriga olib chiqishda davom etmoqda.

710