Andijonda haydovchi 8 o‘rinli mikroavtobusda 58 nafar bolani tashigani aniqlandi

Andijon viloyatida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holati aniqlandi: haydovchi 8 o‘ringa mo‘ljallangan mikroavtobusda 58 nafar bolani tashigan.
Viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 6-may kuni Izboskan tumanidagi “O‘rta qishloq” mahallasi Mumtoz ko‘chasida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari tomonidan King Long rusumli mikroavtobus haydovchisi Q.Z. to‘xtatilgan. U davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yurituvchi “Xadichabegim” bog‘chasining tarbiyalanuvchilarini tashib ketayotgan bo‘lgan.
Mikroavtobus ichida 58 nafar bola borligi aniqlanib, bu holat belgilangan me’yorlardan bir necha barobar ortiq ekani qayd etildi va bolalar xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirgani ta’kidlandi.
Haydovchiga nisbatan yo‘lovchi tashish qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy bayonnoma tuzildi. Shuningdek, haydovchi va bog‘cha rahbariyati bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qilishicha, 1–8-may kunlari respublika bo‘ylab o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida bolalarni me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta qoidabuzarlik aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, 5-may kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida ham shunga o‘xshash hodisa yuz bergan edi. Matiz avtomobilida 13 nafar bog‘cha bolasi va o‘zining 3 oylik chaqalog‘ini olib ketayotgan bog‘cha mudirasi boshqaruvni yo‘qotib, avtomobil ag‘darilib ketgan. Oqibatda haydovchi halok bo‘lgan, bolalar jarohat olgan, ulardan biri komaga tushgan.
Tavsiya etamiz

Isroil Livanga zarba berdi

Bahodir Jalolov 18-g‘alabasini nokaut bilan qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekordga yaqinlashdi

Shavkat Mirziyoyev Moskvada G‘alaba kuni tadbirlarida ishtirok etdi
