Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari kiritiladigan yillik The Muslim 500 reytingidan joy oldi va 40-pog‘onani band etdi. Ro‘yxat Iordaniyaning Amman shahrida joylashgan Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan shakllantiriladi.
Reyting mualliflari «Yangi O‘zbekiston» islohotlarini — iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish va tashqi savdo hajmini kengaytirishni alohida e’tirof etgan. Paxtachilikda majburiy mehnatga to‘liq barham berilgani muhim yutuq sifatida qayd etilgan. Tuzuvchilarning baholashicha, Mirziyoyev qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilagan, ochiq tashqi siyosat esa mamlakatning diplomatik va iqtisodiy mavqeyini mustahkamlagan. Shuningdek, tarixiy islom merosiga qaratilayotgan e’tibor — masjidlar qurilishi va ta’mirlanishi, haj va umra ziyoratlari uchun kengaytirilgan imkoniyatlar, ziyoratgohlarning tiklanishi, diniy ta’lim rivoji hamda Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani alohida ta’kidlangan.
Markaziy Osiyo mintaqasidan ro‘yxatga Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, xonanda Dimash Qudaybergen hamda Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda ham kiritilgan. Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillari reytingdan o‘rin olmagan.
Bu yil birinchi o‘rinni besh nafar shaxs bo‘lishib turibdi: Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, feldmarshal Asim Munir va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an. Ro‘yxatdan ulamolar, siyosatchilar, tadbirkorlar, jurnalistlar, olimlar, madaniyat va sport namoyandalari joy olgan. Sportchilar qatorida Muhammad Saloh, Ashraf Hakimi, Zinedin Zidan, Usmon Dembele, Lamin Yamal va Habib Nurmagomedovlar bor.
The Muslim 500 reytingi 2009-yildan buyon nashr etiladi. Tuzuvchilar uchun asosiy mezon — nomzodning musulmon olami yoki uning vakillariga ta’sir o‘tkaza olish salohiyati. Mualliflarning o‘zlari ushbu reyting rasmiy yoki qat’iy ilmiy maqomga ega emasligini, balki ekspert-publitsistik xarakterda ekanini qayd etishadi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev 16–17-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Ummonga boradi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
