Yangiliklar/Siyosat

Shavkat Mirziyoyev 16–17-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Ummonga boradi

Siyosat 15 noyabr, 16:25
Shavkat Mirziyoyev 16–17-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Ummonga boradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning taklifiga binoan 16–17-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Maskatda bo‘ladi. Bu Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida ushbu mamlakatga ilk tashrifidir. O‘zbekiston prezidenti Ummonga oxirgi marta 2009-yilda safar qilgan edi.

Yetakchilar ushbu tashrifni 4-mart kuni telefon orqali Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilish chog‘ida ham tilga olgan edilar. O‘shanda O‘zbekiston prezidenti Ummonning vositachilik o‘rnini alohida ta’kidlab, fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash va ularni vatanga qaytarishda yaratilgan sharoitlar uchun sultonga minnatdorlik bildirgan edi. Tomonlar bo‘lajak tashrifni ikki tomonlama munosabatlardagi yangi bosqichning boshlanishi deb baholagan — asosiy e’tibor savdo, investitsiyalar va transport logistikasiga qaratilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar vazirlar darajasida ham faol rivojlanmoqda. Xususan, Mirziyoyev 2025-yil fevralida Ummon tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiyni, 2026-yil iyunida esa Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashgan iqtisodiyot vaziri Xamis al-Jabriyni qabul qilgan. O‘sha uchrashuvda O‘zbekiston–Ummom investitsiya kompaniyasi ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilayotgani, poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar esa keyingi oydan yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, tomonlar joriy yilda Maskatda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olgan. Hamkorlikda transport, logistika, geologiya, elektron tijorat va raqamli infratuzilma ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.

520

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→