Yangiliklar/Jamiyat

DXX uch kun ichida qimmatroq narxda qayta sotilmoqchi bo‘lgan 3 mingdan ortiq gaz ballonini musodara qildi

Jamiyat 24 oktyabr, 19:50
DXX uch kun ichida qimmatroq narxda qayta sotilmoqchi bo‘lgan 3 mingdan ortiq gaz ballonini musodara qildi

Davlat xavfsizlik xizmati suyultirilgan gazning noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan reydlar natijalarini ma’lum qildi. 19–21-oktabr kunlari mamlakat bo‘ylab 120 dan ortiq qonunbuzarlik holati aniqlandi.

Aholisi tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlar uchun mo‘ljallangan, jami 13,6 tonna gaz saqlangan 3 mingdan ortiq ballon olib qo‘yildi. Reydlar DXX, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zenergoinspeksiya hamkorligida o‘tkazilmoqda. Aniqlangan 39 ta holatda gaz ta’minoti xizmati xodimlarining aloqadorligi ma’lum bo‘ldi.

Hududlar kesimida aniqlangan holatlar:

— Jizzax viloyati: 9 ta holatda 239 ta gaz balloni noqonuniy saqlangani aniqlandi. Zomin tumani gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlaridan biri qarindoshining uyida 152 ta ballon saqlaganlikda gumon qilinmoqda.

— Sirdaryo viloyati: Xovos tumani gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxsining uyidan 30 ta ballon olib qo‘yildi.

— Samarqand viloyati: Urgut tumani gaz ta’minoti bo‘limiga qarashli gaz quyish shoxobchasi qorovuli uchta to‘ldirilgan ballonni 2,5 million so‘mga sotayotganida ushlandi. Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaroning uyidan esa 22 ta to‘ldirilgan ballon topildi. U ularni tuman gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olib, 100 ming so‘mdan qayta sotgan.

— Farg‘ona viloyati: Qo‘shtepa tumani gaz ta’minoti bo‘limining muhandisi va chilangari uylarida sotish maqsadida 8 ta gaz balloni saqlagan.

— Surxondaryo viloyati: 65 ta ballon olib qo‘yildi. Bandixon tumanida yashovchi fuqaro qayta sotish maqsadida tuman gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisidan 32 ta ballonni 70 ming so‘mdan sotib olgan.

— Navoiy viloyati: Xatirchi tumani gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisining uyidan 26 ta ballon topildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa hududlarda ham qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.

DXX fuqarolardan gaz ballonlarining noqonuniy savdosi haqida 1520 raqamiga xabar berishni so‘ramoqda. Murojaat qiluvchilarning maxfiyligi kafolatlanadi.

9,7010

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing

→