Yangiliklar/Siyosat

Tadbirkorlar jarimaning yarmini bir oy ichida to‘lashi mumkin bo‘ladi

Siyosat 20 oktyabr, 21:11
Tadbirkorlar jarimaning yarmini bir oy ichida to‘lashi mumkin bo‘ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20-oktabr kuni tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash va ularni qaytarish tartibini o‘zgartiruvchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi.

Loyihaga ko‘ra, tadbirkor qaror qabul qilinganidan keyin bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi. Jarimaning to‘liq summasini olti oy davomida bo‘lib to‘lash imkoniyati ham beriladi.

Hujjat moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash, ixtiyoriy to‘lash, undirish, jarima to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish tartibini belgilaydi.

Agar jarima haqidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, davlat organi undirilgan pulni tadbirkorga to‘liq qaytarishi kerak.

Mablag‘ni qaytarish kechiktirilsa, har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1/300 qismi miqdorida foiz hisoblanadi.

Asosiy stavka 14 foiz bo‘lganda, kunlik foiz qaytarilmagan summaning qariyb 0,0467 foizini tashkil etadi. Masalan, 100 mln so‘mni qaytarish 30 kunga kechiksa, hisoblangan foiz taxminan 1,4 mln so‘m bo‘ladi. Yakuniy summa o‘sha davrdagi asosiy stavkaga bog‘liq.

Hozir qariyb 40 ta davlat organi tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Biroq jarimani tayinlash, ixtiyoriy to‘lash va qaror ustidan shikoyat qilishning yagona tartibi mavjud emas.

2024-yilda tadbirkorlarga 11,5 trln so‘mlik 95 mingdan ortiq moliyaviy jarima qo‘llangan. 2025-yilda bunday qarorlar soni 23 foizga oshib, 117 mingtaga, umumiy summa esa 60 foizga ko‘payib, 18,5 trln so‘mga yetgan.

Nazorat organlarining 11 mingdan ortiq qarori tadbirkorlar jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lamagach, ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilgan. Ushbu ishlarning faqat 3 foizi keyingi sud instansiyalarida shikoyat qilingan.

Qonun loyihasi Senatga yuborildi. Yangi tartib Senat ma’qullab, prezident imzolaganidan va qonun rasman e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.

12,9010

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing

→