Google Pay O‘zbekistonda ishga tushdi

Google O‘zbekistonda Google Pay to‘lov xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda 19-oktabr kuni Google Cloudning Markaziy va Sharqiy Yevropada davlat idoralari bilan aloqalar va davlat siyosati bo‘yicha direktori Marsin Krasuski ma’lum qildi.
«Bugun Google O‘zbekistonda GPay, Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini e’lon qilishdan juda xursandman», dedi u Samarqanddagi raqamli texnologiyalar bo‘yicha panel sessiyasida.
Foydalanuvchi bank kartasini Google Wallet ilovasiga qo‘shib, kontaktsiz to‘lov belgisi mavjud terminallarda xaridlarni smartfon orqali to‘lashi mumkin.
Buning uchun:
- NFC funksiyasiga ega Android smartfon;
- yoqilgan NFC;
- PIN-kod, parol, grafik kalit yoki mos biometrik himoya bilan ekran blokirovkasi;
- asosiy to‘lov ilovasi sifatida tanlangan Google Wallet;
- xizmatga ulangan bank kartasi kerak.
To‘lovdan oldin ilovani ochish shart emas. Smartfonni blokdan chiqarib, terminalga yaqinlashtirish kifoya.
Qaysi kartalar ishlaydi
Google, Markaziy bank va tijorat banklari hozircha qo‘llab-quvvatlanadigan kartalarning to‘liq ro‘yxatini e’lon qilmagan. Google Pay ishga tushgani barcha Visa, Mastercard, Humo va Uzcard kartalari avtomatik ravishda ishlashini anglatmaydi. Har bir bank texnik integratsiyadan o‘tib, muayyan kartalarni mobil hamyonga ulashi kerak.
Markaziy bank iyul oyida banklar kartalarni tokenizatsiya qilish ustida ishlayotganini ma’lum qilgan edi. Ushbu texnologiyada karta rekvizitlari raqamli identifikator bilan almashtiriladi va terminalga kartaning asosiy raqami emas, token uzatiladi.
Kartani Google Wallet orqali tekshirish mumkin. Agar bank yoki karta hali tizimga ulanmagan bo‘lsa, ilovada tegishli xabar paydo bo‘ladi. Bunday holatda Google kartani chiqargan bankka murojaat qilishni tavsiya etadi.
Humo va Uzcard kartalari Google Payda ishlashi hozircha rasman tasdiqlanmadi. Alohida banklarning ulanish muddati va Apple Payning O‘zbekistonda ishga tushish sanasi ham ma’lum qilinmagan.
Telegramga obuna bo'ling
So'nggi yangiliklar bilan tanishing
Tavsiya etamiz

Xorijda ishlagan şifokorlarga 50 mln sömgaça ustama beriladi

Parkwood turar joy majmuasida ikki kişi kuyish jarohatini oldi

Tibbiyot talabalari haftasiga üç kun bemorlar bilan işlaydi

2027-yildan poliklinikalarda 73 turdagi dori bepul beriladi
