Chilonzorda ko‘l va 30 metrlik arka bilan yangi istirohat bog‘i qurilmoqda

Toshkentning Chilonzor tumanidagi «Beshyog‘och» mahallasida yangi istirohat bog‘i qurilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.
Loyihaning umumiy maydoni 23 ming kvadrat metrni yoki 2,3 gektarni tashkil etadi. Shundan 18,7 ming kvadrat metri sun’iy ko‘l uchun ajratilgan. Suv havzasining sig‘imi qariyb 37,4 ming kub metr bo‘ladi.
Hududda 150 ta daraxt va buta ekilishi, ikkita favvora o‘rnatilishi hamda piyodalar va velosipedchilar uchun umumiy uzunligi 4,6 kilometr bo‘lgan yo‘laklar qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy elementlaridan biri balandligi 30 metr bo‘lgan arka bo‘ladi. Inshootning markaziy qismida aylanadigan konstruksiya joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, arka konsepsiyasi ustida ishlash jarayonida italiyalik mutaxassislarning takliflari ham o‘rganilgan. Keyinchalik loyiha mahalliy sharoit va texnik talablardan kelib chiqib qayta ishlab chiqilgan.
Loyiha ustida ishlayotgan Lider Prof Proyekt kompaniyasi ayrim texnik yechimlar bo‘yicha xorijiy, jumladan Xitoy mutaxassislari bilan hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Dastlabki loyihalarda arka ichiga ikkita lift o‘rnatish varianti ham mavjud.
Yangi istirohat bog‘i Magic City va «Milliy bog‘» yaqinida joylashadi. Shahar ma’muriyati hisob-kitoblariga ko‘ra, obyekt foydalanishga topshirilgach, kuniga 3 ming nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qilishi mumkin.
Bu so‘nggi haftalarda Toshkentda sun’iy ko‘l barpo etilayotgan ikkinchi yirik loyiha hisoblanadi. Avvalroq Olmazor tumanidagi Keles yo‘li ko‘chasida ham ko‘l, piyodalar va veloyo‘laklarni o‘z ichiga olgan park qurilishi boshlangan edi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Angorda 277 ta qalbaki haydovchilik guvohnomasi yo‘q qilindi

Uy topshirilmaguncha ulushdorlarning puli bankda saqlanadi

O‘zbekistonda ayrim smartfonlar uchun IMEI’ni rasmiylashtirish 30 kungacha cho‘zilishi mumkin

O‘zbekistonda mahalliy maishiy texnika uchun 18 foizlik kreditlar joriy etiladi
