Yangiliklar/Iqtisod

O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash xarajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda

Iqtisod 4 may, 18:29
O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash xarajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash uchun sarflanadigan xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish taklifi bildirildi. Unga ko‘ra, 2030-yilgacha 1 kVt·soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi mumkin.

O‘zbekiston Energetika vazirligi «Elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi loyiha hujjatini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Hujjat elektromobillarni quvvatlash xarajatlarini qoplash mexanizmini joriy etishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan 2030-yil 31-dekabrgacha elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida iste’mol qilinadigan elektr energiyasining 1 kVt·soati uchun 300 so‘mdan oshgan qismi Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Agar II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasi tarifi 1 000 so‘m/kVt·soat etib belgilansa, subsidiyaning hajmi 700 so‘m/kVt·soatni tashkil etadi. Shu asosda, 2026-yilda (to‘liq yil hisobida) Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan xarajatlar 246 mlrd so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda, 2030-yilga kelib esa ushbu ko‘rsatkich 819 mlrd so‘mga yetadi, — deyiladi tushuntirish xatida.

Subsidiyalash mexanizmini joriy etish 2026-yil 1-maydan rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan 2026-yilda budjetning haqiqiy xarajatlari 8 oy uchun mutanosib tarzda hisoblanib, qariyb 164 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ushbu subsidiyalar jismoniy shaxslarning jami daromadiga kiritilmaydi. To‘lovlar soliq organlari tomonidan har oy Soliq mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga o‘tkaziladi.

Joriy yilda elektr energiyasi qiymatining bir qismini qoplash xarajatlari Davlat budjeti daromadlarining ikkinchi chorak yakuniga ko‘ra rejalardan ortiq tushumlari hisobidan moliyalashtiriladi. Keyingi yillarda esa tegishli mablag‘lar Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunlarda nazarda tutiladi.

680