Yangiliklar/Jamiyat

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlash qoidalari yangilandi

Jamiyat 30 aprel, 17:02
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlash qoidalari yangilandi

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari yangilandi. Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hujjat 2026 yil 29 aprel kuni 3824-raqam bilan tasdiqlandi.

Yangi tartiblarga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari, zinapoyalari va lift xonalari kamida haftada bir marta tozalanishi shart. Lift uskunalari esa doimiy texnik monitoringdan o‘tkaziladi. Bu talablar uy-joy fondida xavfsizlikni oshirish va texnik nosozliklarning oldini olishga qaratilgan.

Muhim yangiliklardan biri — ko‘p kvartirali uylar uchun umumiy texnik pasport joriy etilishi hisoblanadi. Uni yuritish boshqarish organlariga yuklatilib, ular yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, domofonlar va kuzatuv kameralarining soz holatda bo‘lishi uchun javob beradi. Shuningdek, boshqarish organlari uylarni saqlash uchun zarur xo‘jalik anjomlari va materiallarni xarid qiladi.

Qoidalarga ko‘ra, uylarning fasad qismlari va umumiy foydalanish hududlarida arxitektura elementlari, reklama, e’lon va afishalarni o‘rnatish faqat mulkdorlar umumiy yig‘ilishining qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.

Sanitariya xavfsizligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Zarurat tug‘ilganda zinapoyalar, liftlar, yerto‘lalardagi chiqindi kamerasi va tutash hududlarda deratizatsiya, dezinseksiya hamda dezinfeksiya ishlari olib boriladi. Yerto‘lalarda avariya oqibatida suv yoki oqova to‘planib qolgan taqdirda, boshqarish organi 24 soat ichida muammoni bartaraf etishi lozim.

Shuningdek, turar joylarda shovqin darajasi amaldagi sanitariya me’yorlaridan oshmasligi shart etib belgilandi.

8090