Yangiliklar/Iqtisod

Oʻzbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari yangilandi

Iqtisod 28 aprel, 16:13
Oʻzbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari yangilandi

O‘zbekiston Markaziy banki valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi. Qaror valyuta bozorini liberallashtirish va bank operatsiyalarini soddalashtirishga qaratilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqaroligidan qat’i nazar, barcha jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali nosavdo, shaxsiy maqsadlarda bir‑biriga pul o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi. Avval amal qilgan rezidentlikka doir cheklovlar bekor qilindi.

Shuningdek, xorijiy jismoniy shaxslarga O‘zbekiston hududida ustav fondiga mablag‘ kiritish, xayriya qilish hamda meros bilan bog‘liq ichki valyuta operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etildi.

Yuridik shaxslar uchun ham bir qator soddalashtirishlar joriy qilindi. Endilikda chet el valyutasida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlar uchun valyuta sotib olishda faqatgina ularning chiqarilganini tasdiqlovchi hujjat yetarli bo‘ladi. Xorijiy investorlar esa fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larini o‘z murojaatiga asosan chet elga erkin olib chiqishi mumkin.

Barcha valyuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn operatsiyalar ham yagona tizimda hisobga olinadi. Shu bilan birga, yuridik shaxslarga valyuta sotib olish bo‘yicha buyurtmalardagi kichik texnik xatolarni tuzatish imkoniyati berildi.

Naqd xorijiy valyuta berish tartibi ham aniq belgilandi. Jismoniy shaxslar o‘z hisobvaraqlaridagi mablag‘lar doirasida valyutani cheklovsiz olishi mumkin, yuridik shaxslarga esa naqd valyuta faqat belgilangan maqsadlar asosida beriladi.

3800