O‘zbekistonda marketpleyslar uchun bojxona bojlari to‘lash tartibi o‘zgartiriladi

O‘zbekistonda marketpleyslar faoliyatiga yangi yondashuv joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, bojxona bojlari va soliqlar tovar yakuniy iste’molchiga sotilgan paytda to‘lanadi. Mazkur tashabbusni Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatladi.
Gap bond omborlari mexanizmini ishga tushirish haqida bormoqda. Bu — import qilinadigan tovarlar bojxona to‘lovlari darhol undirilmasdan, maxsus bojxona nazorati ostida saqlanadigan hududlar hisoblanadi. Rasmiylashtirish va to‘lovlar esa maxsus elektron savdo platformalari orqali onlayn savdo amalga oshirilgach bajariladi.
Qayd etilishicha, ushbu model biznes uchun moliyaviy yukni kamaytiradi, logistika jarayonlarini soddalashtiradi va O‘zbekistonning xalqaro marketpleyslar uchun jozibadorligini oshiradi. Baholarga ko‘ra, tizimni joriy etish orqali 500 million dollargacha sarmoya jalb etilishi mumkin. Shunga o‘xshash amaliyot Xitoy, BAA va Yevroosiyo mintaqasidagi bir qator davlatlarda qo‘llaniladi.
Shuningdek, mamlakatda zamonaviy omborlar tarmog‘ini kengaytirish hamda ularni soliq va bojxona tizimlari bilan raqamli integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Yangi mexanizm 2026–2028 yillarda «import — bond ombori — onlayn platforma — xaridor» sxemasi asosida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkaziladi.
Tizimda ishtirok etuvchi savdo platformalari va omborlar maxsus reyestrlarga kiritilib, Bojxona qo‘mitasi nazoratiga olinadi.
Prezident ta’kidlashicha, bond infratuzilmasini rivojlantirish xarajatlarni qisqartirish, eksport raqobatbardoshligini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz

Oʻzbekistonda 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn tarzda berish joriy etildi

O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash xarajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda

Amsterdam goʻsht va benzinli avtomobillar reklamasini taqiqlaydi

Malayziya qirolichasi Radja Zarit Sofiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi
